Eng faol jismoniy tarbiya va sport targʻibotchilari “Zarafshon” konsert zalida taqdirlanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-yanvardagi “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6-son Qarorining 2020-yildagi ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tanlov oʻtkazildi.

Ushbu tanlovda tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun hamda aholining keng qatlami orasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalarida gʻoliblar aniqlandi.

2019-yili korxona va tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun” nominatsiyasida gʻoliblik Toshkent viloyatining “Maxam-Chirchiq” aksionerlik jamiyatiga nasib etgan boʻlsa, “Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi gʻolib, deb topilgandi.

2020-yili oʻtkazilgan tanlovda korxona-tashkilotlar oʻrtasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksionerlik jamiyati oʻz xodimlari orasida sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda tashkil etganligi uchun gʻoliblikka munosib koʻrilgan boʻlsa, “Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida bu safar Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi eng koʻp ovoz bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Tanlov gʻoliblari “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Gʻoliblarni taqdirlash marosimi 2020-yil 17-dekabr kuni soat 16:00da “Zarafshon” konsert zalida tashkil etiladi. Barcha turdagi ommaviy axborot vositalari xodimlarini tantanali taqdirlash marosimiga taklif etamiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Fikr bildirish

You may use these HTML tags and attributes: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <s> <strike> <strong>